OQLOV HUKMI – jinoyat ishini sud majlisida mazmunan ko‘rilishi natijasida jinoiy hodisa yuz bermaganligi, sudlanuvchining qilmishida jinoyat tarkibi yo‘qligi, jinoyat sodir etilishiga sudlanuvchi daxli yo‘qligi aniqlansa yoki sudlanuvchiga qo‘yilgan ayblov ish holatlari batafsil tekshirilgandan keyin ishonarli tarzda o‘z tasdig‘ini topmasa, sud tomonidan qabul qilinadigan hukm turi.
OLIB QO‘YISH – jinoyat ishi uchun ahamiyatga molik narsa va hujjatlarning aynan kimda va qayerda ekanligi ma’lum bo‘lib, ularni qidirishning hojati bo‘lmasa, surishtiruvchi, tergovchi va sud ularni olib qo‘yish tergov harakatini o‘tkazadi.
OMMAVIY AXBOROT VOSITALARI BERGAN XABARLAR – jinoyat to‘g‘risida matbuot, radio va televideniye orqali e’lon qilingan, shuningdek ommaviy axborot vositalariga yo‘llangan, lekin e’lon qilinmagan, xatlardagi xabarlar.
P
PROKUROR – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining
118-moddasiga ko‘ra, mamlakatimiz hududida qonunlarning aniq va bir xilda ijro etilishi ustidan nazorat qilish vazifasi yuklatilgan davlat organining mas’ul mansabdor xodimi.
PROKUROR KO‘RSATMASI – nazorat qiluvchi yoki yuqori turuvchi prokurorning surishtiruv va dastlabki tergov organlariga bajarilishi lozim bo‘lgan topshiriqning bajarilish usuli, muddati va tartibi yuzasidan qilgan murojaati.
PROKUROR PROTESTI – prokuror nazorati hujjatlaridan biri. Qonunga zid bo‘lgan hujjatga nisbatan protestni prokuror ana shu hujjatni qabul qilgan organga yoki yuqori turuvchi organga keltiradi.