yong’inning tashqi manbalaridan hosil bo’lgan tutunning, turli shaxtalar, kanal va evakuatsiya yo’llari orqali tarqalishini oldini olish.
Fuqaro va ishlab chiqarish binolarini tutundan himoyalashga konstruktiv va hajmiy-rejaviy hamda muhandislik yechimlari bilan erishiladi. Ichki va tashqi manbalardan tarqalgan tutun bilan kurashishda yong’inni avtomatik tarzda o’chirish tizimlari katta rol o’ynaydi. Bu tizimlar yong’ining lokal o’choqlarini bartaraf etadi, yonish maydonini kamaytiradi, yong’inda haroratni pasaytiradi, bu esa o’z navbatida yong’inda ajralib chiqayotgan yonish mahsulotlarining hajmini kamaytiradi va xonalar hamda evakuatsiya yo’llaridagi tutun bilan kurashishni yengillashtiradi. Binolarning tutunga qarshi himoyasi bo’yicha umumiy va spetsifik (o’ziga xos) yechimlari mavjud. Umumiy yechimlar qavatlar soni har xil bo’lgan binolar uchun taalluqliroq bo’lsa, spetsifik yechimlar esa ko’p (10 va undan yuqori) qavatli binolar va portlab-yonishdan hamda portlashdan xavfli texnologik jarayonlar kechadigan ishlab chiqarish binolari uchun taalluqlidir. Hajmiy-rejaviy yechimlarga, binoning hajmini yong’in otseki va seksiyasiga bo’linishini, evakuatsiya yo’llarini qo’shni xonalardan ajratilishini, yong’indan xavfli texnologik jarayonlar kechadigan xonalarning alohida (izolyatsiya) qilinishini va ularni binoning planida va qavatlari bo’yicha joylashtirilishini ko’zda tutuvchi yechimlar kiradi. Konstruktiv yechimlar, olovga bardoshlilik chegarasi yetarlicha bo’lgan va eshik o’rinlari hamda texnologik tuynuklari, teshiklari mos ravishda himoyalangan tutun o’tkazmaydigan to’suvchi konstruksiyalarning qo’llanilishini, tutunni belgilangan yo’nalishda ketkizish uchun maxsus konstruksiyalarning va konstruktiv elementlarning qo’llanilishini ko’zda tutadi. Binolarning tutunga qarshi himoyasi bo’yicha maxsus texnik yechimlar, gaz harakatini mexanik yoki tabiiy tarzda qo’zg’atishdan iborat tutun ketkizish tizimlarini hamda himoyalanayotgan hajmlarda (zina kataklarida, lift shaxtalari, tambur-shlyuzlar va b.) havoning ortiqcha bosimini ta’minlovchi tizimlarni yaratishni ko’zda tutadi. Bunday tizimlarni loyihalash uchun dastlabki ma’lumotlar hisob yo’li bilan aniqlanadi.